TOShKENT, 7 apr – Sputnik. O‘zbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishning qat’iy tarafdori. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi yalpi majlisida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
“Umid qilamizki, Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha boshlangan muzokaralar jarayoni o‘zining ijobiy natijasini albatta beradi”, - dedi O‘zbekiston rahbari.
Mirziyoyev eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan meyorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhim ekanini ta’kidladi.
“Jumladan, Falastin – Isroil nizosining yagona va adolatli yechimi “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini ro‘yobga chiqarishdan iborat”, - dedi O‘zbekiston prezidenti.
O‘zbekiston BMTni universal va muqobili yo‘q yagona global tuzilma sifatida e’tirof etadi. Biz bu borada bosh kotib Antoniu Guterrishning mazkur xalqaro tashkilotni chuqur isloh qilish, uning salohiyatini oshirish bo‘yicha olib borayotgan tizimli sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.
18 mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi. Ular Ukraina mojarosini hal etishni ham muhokama qilishdi. Putin Trampning mojaro tomonlarining 30 kun ichida energetika infratuzilmalariga o‘zaro zarba berishdan voz kechish g‘oyasiga ijobiy munosabat bildirdi va Rossiya harbiylariga tegishli buyruq berdi.