TOShKENT, 26 mar — Sputnik. Kiyev tomoni AQShga murojaat qilib, agar ular Ukraina tomonini olishni istashmasa, hech bo‘lmaganda betaraf bo‘lishlarini so‘radi. Bu haqda Vladimir Zelenskiy “Time”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Uning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar “Rossiyaga hech kimning tomonida emasligini ko‘rsatish” uchun harbiy yordamni to‘xtatgan.
“Ular biz bilan emas. Umuman olganda, Amerika jamoasi ular vositachi bo‘lishni istashlarini, tomonlardan birining tarafida bo‘lmasliklarini yashirishgan, deb o‘ylamayman”, - deya tan oldi u.
Pentagonning RIA Novostiga ma’lum qilishicha, AQSh 4-mart kuni Moskva vaqti bilan soat 02:00 dan boshlab Ukrainaga barcha turdagi harbiy yordamni to‘xtatdi. Amerika harbiy idorasi vakilining ta’kidlashicha, qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatish qarori, jumladan, Ukrainaga yo‘l olgan qurollarga ham tegishli.
Biroq 12-mart kuni Saudiya Arabistonida AQSh bilan muzokaralar uchun Ukraina delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan Vladimir Zelenskiyning idorasi rahbari o‘rinbosari Pavel Palisa Vashington Kiyevga xavfsizlik bo‘yicha yordamni allaqachon tiklaganini aytdi.