TOShKENT, 25 mar — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) gilam ishlab chiqarish uchun lateksga nol import boji muddatini uch yilga uzaytirdi, deb xabar berdi Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) matbuot xizmati.
“Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati gilam ishlab chiqarish uchun lateks import bojxona bojining nol stavkasining amal qilish muddatini 2027-yil 31-dekabrgacha uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi”, — deyiladi xabarda.
Ushbu mahsulot gilamning orqa tomoniga qo‘llaniladigan suv dispersiyasi bo‘lib, u gilamning teskari tomoniga surtiladi va uni egilmasligini ta’minlab beruvchi qattiq holatga keltirishda foydalaniladi.
“Bojxona-tariflarni tartibga solish chora-tadbirlari xomashyo mavjudligini, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlaridan gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning rentabelligini oshiradi, bu esa ichki bozorda mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish uchun shart-sharoit yaratish imkonini beradi”, – dedi YeIKning bojxona, tarif va tarifdan tashqari tartibga solish departamenti direktori Vaagn Kazaran.
Uning qo‘shimcha qilishicha, gilam ishlab chiqarish uchun lateksga bo‘lgan talab hozirda faqat import qilinadigan mahsulotlar hisobiga qondirilmoqda.
Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab 30 kalendar kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi va 2025-yil 1-yanvardan boshlab vujudga kelgan huquqiy munosabatlarga tatbiq etiladi.
Ma’lumot uchun, ushbu mahsulot uchun YeOIIning Yagona bojxona tarifi bojxona qiymatining 5% miqdorida import bojxona boji stavkasini belgilaydi. YeIK Hay’ati qarorlariga muvofiq, 2018-yil 23-dekabrdan 2024-yil 31-dekabrgacha gilam ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan lateksga nol boj qo‘llanildi.