TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Dzudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turnirida o‘zbekistonlik Umar Bozorov oltin medalni qo‘lga kiritdi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Gruziyaning Tbilisi shahrida dzudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turniri o‘z yakuniga yetdi. Unda -90 kg vazn toifasida kechgan bahslarda Umar Bozorov oltin medalni qo‘lga kiritdi.
“Olimpiada va jahon chempionati sovrindorlari jam bo‘lgan mazkur vaznda yosh umidli polvonlarimizdan biri o‘zining ajoyib ishtiroki bilan yaqqol ajralib turdi. Bozorov finalda fransiyalik Aleksis Metudan ustun keldi”, — deyiladi xabarda.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi mazkur musobaqani 1 ta oltin va 2 ta bronza medali bilan yakunladi.
Eslatib o‘tamiz, dastlabki kun bahslarida -66 kg vazn toifasidagi Azizbek Ortiqov hamda Abdurahim Nutfullayev bronza medallariga ega chiqishgan edi.
Turnir 21-23 mart kunlari Tbilisidagi Olimpiya sport saroyida bo‘lib o‘tdi. Turnirda 52 ta davlat va besh qit’adan 352 nafar sportchi ishtirok etdi.