TOShKENT, 16 mar — Sputnik. O‘zbekiston va Qozog‘iston tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazadi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir Laziz Kudratov Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliyev bilan muzokaralar o‘tkazdi.
V MIPT "sverili chasi" po torgovomu i investitsionnomu sotrudnichestvu s Kazaxstanom
© MIPT
“Tomonlar 2030-yilgacha mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish Dasturini imzoladilar hamda 2025-yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlari rahbarlarining o‘zaro tashriflari jadvalini tasdiqladilar”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, uchrashuvda tomonlar amaldagi ikki tomonlama kelishuvlarning bajarilishi hamda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni muhokama qilishdi.
“Laziz Kudratov Arman Shakkaliyevning O‘zbekistonga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan “Termiz” xalqaro savdo markazida Qozog‘iston mahsulotlari pavilonining ochilishini yuqori baholadi va pavilonning muvaffaqiyatli ishlashi hamda afg‘on ishbilarmonlari tomonidan unga katta qiziqish bildirilishiga ishonch bildirdi”, — deyilgan matbuot xizmati xabarida.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili oziq-ovqat mahsulotlari, to‘qimachilik, rangli metallar, kimyo mahsulotlari va plastmassa mahsulotlari eksporti ko‘paydi hamda tovar ayirboshlash hajmi qariyb 4,3 milliard dollarga yetdi.
“Tomonlar mahsulot hajmini oshirish, to‘siqlarni bartaraf etish va mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 1042 ta korxona faoliyat yuritadi. Ularning aksariyati ulgurji va chakana savdo, IT-xizmatlari, qurilish, moliya va sug‘urta faoliyati, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalar bilan shug‘ullanadi.
Ayni paytda Qozog‘istonda O‘zbekiston sarmoyasi ishtirokidagi 4,5 mingdan ortiq kompaniya ro‘yxatga olingan.
“Tadbirkorlarni o‘zaro asosda tizimli qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi”, — deya qayd etilgan xabarda.