TOShKENT, 13 mar — Sputnik. Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi, deya xabar berdi Sputnik Qirg‘iziston.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasida davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, bugun Leylek tumanidagi “Qayrag‘och” va Botken tumanidagi “Qizilbel” nazorat-o‘tkazish punktlari ochildi.
Sadir Japarovning qayd etishicha, ushbu tadbir ikki mamlakat xalqlari va xalqaro hamjamiyat tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinadi. U davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi tarixiy voqea bo‘lishini ta’kidladi.
“Bu qadam nafaqat davlatlarimiz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligi, barqarorligi va barqaror rivojlanishini mustahkamlashga katta hissa qo‘shadi”, — dedi Japarov.
Imzolanadigan ikki tomonlama hujjatlar o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan qirg‘iz-tojik munosabatlarini rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishlashiga umid bildirdi.
Shuningdek, Tojikiston va Qirg‘iziston havo qatnovini tikladi. Tojikiston prezidenti Bishkekda ikki davlat rahbarlarining matbuot anjumani chog‘ida ma’lum qilganidek, 14-mart kuni ikki davlat o‘rtasida "Dushanbe – Bishkek va Bishkek – Xo‘jand" yo‘nalishida samolyotlar parvoz qila boshlaydi.
Bundan tashqari, Tojikiston vazirlik va idoralari Qirg‘iziston bilan avtobus yo‘nalishlarini tezda yo‘lga qo‘yish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda, dedi Rahmon.
Shanxay hamkorlik tashkiloti Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganini olqishladi.
"ShHTga a’zo davlatlar imzolangan shartnomaning alohida ahamiyatini qayd etib, uni Shanxay hamkorlik tashkiloti hududida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qo‘shilgan qimmatli hissa sifatida baholaydilar", — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 2021-yil sentabridan ikki respublika o‘rtasidagi chegara mojaro tufayli yopilgan. Tojikiston va Qirg‘iziston umumiy chegarasi 970 km. Shu bilan birga, bir necha yuz kilometrlik aloqa chizig‘i ko‘p yillar davomida aniqlanmagan va belgilanmagan. Bu holat SSSR parchalanganidan keyin paydo bo‘ldi - tomonlar o‘nlab bahsli hududlarga egalik qilish bo‘yicha kelisha olishmadi. Chegaralanmagan hududlar mahalliy aholi o‘rtasidagi to‘qnashuv hududiga aylandi, bunga ikki davlat chegarachilari jalb qilingan.