TOShKENT, 12 mar — Sputnik. Aholining moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida 2025-yilda moliyaviy ta’limni maktab va oliy ta’lim dasturlariga joriy etishni rejalashtirilmoqda. Bu haqda Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan media muloqotda ma’lum qilindi, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
“Aholining moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida 2025-yilda moliyaviy ta’limni maktab va oliy ta’lim dasturlariga joriy etishni rejalashtirilmoqda. Buning uchun maxsus metodikalar ham ishlab chiqilmoqda”, — deya ma’lum qilishdi bank vakillari media muloqotda.
Shuningdek, tadbirkorlar uchun maxsus o‘quv materiallarini ishlab chiqish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining moliyaviy savodxonligini oshirish rejalashtirilgan.
Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati rahbari Bahodir Mirzayevga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining moliyaviy savodxonligi darajasi ko‘tarilib bormoqda. Biroq, Moliyaviy savodxonlik va ommaboplikni oshirish departamenti direktori Dilbar Abduganiyevaning aytishicha, bu boradagi aniq ko‘rsatkichlar aprel oyida ma’lum bo‘ladi.
Aytilishicha, Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tomonidan huquqlari buzilgan iste’molchilarning shikoyatlarini o‘rganish natijalariga asosan ularga umumiy miqdori 2,5 mlrd so‘mdan ortiq moliyaviy naf keltirildi.
Shu bilan birga, tijorat banklarining joylardagi mussasalarida bazaviy xizmatlar ko‘rsatilishining amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishi holatlari yuzasidan bank muassasalarida 1 008 ta nazorat tadbiri amalga oshirildi.
Nazorat tadbirlarida qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan tijorat banklari tomonidan 647 ta intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
2025 yilda bank mijozlarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha riskka asoslangan nazorat tizimini joriy etish, shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonini takomillashtirish hamda iste’molchilar huquqini himoya qilish yo‘nalishlari bo‘yicha banklarda ichki nazoratni yo‘lga qo‘yish yuzasidan talablar ishlab chiqish rejalashtirilgan.