TOShKENT, 11 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan 11-13 mart kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Tashrif doirasida Parijda oliy darajadagi muzokara va tadbirlar, Fransiyaning rasmiy va ishbilarmon doiralari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bo‘lajak muloqotlar kun tartibidan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari o‘rin olgan.
“Savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, Fransiyaning yetakchi kompaniya va korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ustuvor e’tibor qaratiladi. Sammit yakunida hukumatlararo va idoralararo bitimlar to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, davlat rahbari YuNESKO bosh direktori Odri Azule bilan uchrashib, tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni joriy yilning kuzida Samarqandda o‘tkazishning amaliy jihatlarini muhokama qiladi.