TOShKENT, 10 mar – Sputnik. O‘zbekistonda 2025-yil 8-iyundan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlaridan qarzdorligi bo‘lgan iste’molchilardan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish to‘xtatib qo‘yiladi. Prezident tegishli qonunni imzoladi.
Qonunga ko‘ra, chiqindidan qarzdor iste’molchiga ogohlantiruvchi SMS yuboriladi.
Qarzdorlik 5 kun ichida bartaraf etilmasa, iste’molchi toki qarzdorlik bartaraf etilgunga qadar elektr energiyasi uchun to‘lovni amalga oshira olmaydi. Qarz to‘langach, kiritilgan cheklov avtomatik bekor qilinishi kerak.
Chiqindi xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlar to‘lovlarning ishonchli va to‘g‘ri hisob-kitob qilinishi uchun javobgar bo‘ladi. Bu talab buzilgan taqdirda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplaydi.
Qonun 2025-yil 8-iyundan kuchga kiradi.
Bu qonunni Qonunchilik palatasi 2024-yil 24-dekabrda qabul qilgan, Senat esa 2025-yil 21-fevralda ma’qullagan edi.