TOShKENT, 7-mart — Sputnik. O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar yangi bosqichga ko‘tariladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
O‘zbekiston elchisi Baxtiyor Ibragimov tashrif bilan Qozog‘istonning Jetisu viloyatida bo‘ldi. Jetisu viloyati akimi Beybit Isabayev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollari, mamlakatlar hududlari bilan qishloq xo‘jaligi, sanoat, turizm, savdo, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Beybit Isabayev Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar, xususan, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yuksak baholadi. U o‘zbek tadbirkorlari bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, yangi meva va sabzavotlar, to‘qimachilik va qurilish materiallari yetkazib berish bo‘yicha aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida joriy yilda Jetisu viloyati va O‘zbekiston viloyatlari delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini uyushtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish va boshqalar to‘g‘risida kelishib olindi.
Jetisu viloyati Tadbirkorlar palatasida sanoat, chakana savdo tarmoqlari, to‘qimachilik korxonalari va chorvachilik majmualari hamda viloyat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirkorlar palatasi direktori Sanjar Sobirboyev mahalliy ishbilarmonlarning O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladi. Jetisu viloyati tadbirkorlari O‘zbekiston korxonalari bilan ekologiya va og‘ir sanoat sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.
Uchrashuvda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish hamda O‘zbekiston elchixonasi va Jetisu viloyati Tadbirkorlar palatasi o‘rtasida doimiy muloqot o‘rnatish bo‘yicha kelishib olindi.
O‘zbekiston elchisi safar davomida "Xorgos" xalqaro transchegaraviy hamkorlik markazi boshqaruvi raisi Nurjan Sultonaliyev bilan ham muloqot qildi. Qozog‘iston tomoni "Xorgos" XTHM faoliyati, tadbirkorlar uchun yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek, markazni yanada rivojlantirish istiqbollari haqida so‘zlab berdi.
Markaz rahbari Nurjan Sultonaliyev o‘zbek tadbirkorlari bilan birgalikda ushbu markazda gastronomiya va hunarmandchilik sohasidagi loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surdi. Shuningdek, tomonlar joriy yil iyun-iyul oylarida mazkur markazda o‘tkaziladigan festival doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar yarmarkasini tashkil etish bo‘yicha rejalarni muhokama qildilar.
O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi rahbariyati, safar doirasida "Xorgos-Sharqiy darvoza" erkin iqtisodiy markazi va Qozog‘iston-Xitoy chegarasining Oltinko‘l temir yo‘l hududi faoliyatini ko‘zdan kechirdi.