TOShKENT, 6-mart — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) bosh kotibi Nurlan Yermekbayevni qabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, barqarorlik va xavfsizlikka tahdid solayotgan umumiy xavf va xatarlarga qarshi kurashishda amaliy sa’y-harakatlarni kengaytirish, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklik tamoyillari asosida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish muhim.
Samarqand sammitida boshlangan ShHT faoliyatini modernizatsiya qilish jarayonini davom ettirish, jumladan, tashkilotning barcha tuzilmalari faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
"Yangi iqtisodiy muloqot"ni rivojlantirish konsepsiyasi va O‘zbekistonning boshqa qator tashabbuslarini amalga oshirish zarurligi qayd etildi.
“Bular savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim, elektron tijorat dasturi, investitsiyalarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari, logistikada raqamlashtirish rejasi, "ShHT kelajak texnologiyalari" dasturi, Oziq-ovqat xavfsizligi atlasi va boshqalarni qabul qilishdir”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, Xitoyda bo‘lajak ShHT sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.