TOShKENT, 3-mart — Sputnik. O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida sayyohlar almashinuvi oshishi kutilmoqda, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
Qayd etilishicha, Masqat shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-O‘mon tadbirkor ayollari biznes-forumi doirasida ikki davlat kompaniyalari o‘rtasida muzokaralar tashkil etildi.
Uchrashuvda O‘mon tomoniga O‘zbekistonda ziyorat turizmi imkoniyatlari, xorijiy sayyohlarga yaratilgan sharoitlar, amalga oshirish mumkin bo‘lgan yangi turloyihalar haqida ma’lumot berildi.
"Bahwan Travel Agencies" LLC kompaniyasi vakili O‘zbekiston turizm salohiyatidan yaxshi xabardorligini aytib, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qilishga tayyorligini tasdiqladi.
"Uchrashuv yakunida ikki kompaniya o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston yo‘nalishida yangi turpaketlarni joriy qilish, ziyorat turizmi salohiyatini O‘monda keng targ‘ib qilish va boshqa masalalar yuzasidan kelishib olindi", — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov “Asyad Group” (O‘mon) boshqaruvi raisi Shayx Nosir Sulaymon al-Hartiy boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Unda O‘zbekiston va O‘mon yangi tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib olingan.