TOShKENT, 3-mart — Sputnik. Donorlarga beriladigan pul mukofoti miqdori oshirildi, deya xabar berdi Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" Telegram-kanali.
Xabarga ko‘ra, 28-fevralda qabul qilingan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
“Qonun bilan “Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi hamda “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga tegishincha “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar uchun bir yo‘la beriladigan pul mukofoti miqdori oshirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda”, — deyilgan hujjat matnida.
Bunda mazkur ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadiganlar BHMning 15 baravari (5 mln 625 min so‘m) miqdorida bir yo‘la beriladigan pul mukofotini oladi. Ilgari bu miqdor BHMning 5 baravariga teng bo‘lgan.
Ularga quyidagi huquqlar berilmoqda:
shahar yo‘lovchilar transportidan (bundan yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilar mustasno) bepul foydalanish;
o‘zlari uchun qulay bo‘lgan vaqtda har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish;
sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, donor — o‘z qoni va uning tarkibiy qismlaridan bir qismini tibbiyot ehtiyojlari uchun ixtiyoriy ravishda beruvchi jismoniy shaxs. Qon va uning tarkibiy qismlarini muntazam ravishda hamda bepul topshiruvchi donor "O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori" ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.