TOShKENT, 3-mart — Sputnik. Aziz Toshpo‘latov O‘zbekiston ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlandi, deya ma’lum qildi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining Telegram-kanalida.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimini egallab kelgan Aziz Anvarovich Toshpo‘latov O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlandi”, — deb yozadi Asadov.
Aytilishicha, Toshpo‘latov nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan.
“Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri lavozimiga Aziz Toshpo‘latov nomzodini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar”, — deyiladi quyi palata matbuot xizmati xabarida.
Eslatib o‘tamiz, bungacha ichki ishlar vaziri lavozimida ( 2017-yildan buyon) Po‘lat Bobojonov ishlab kelayotgan edi.
Aziz Anvarovich Tashpulatov
© iibb.uz
Ma’lumot uchun, Aziz Toshpo‘latov 2017-yilda Samarqand viloyati IIB boshlig‘i, 2019-yilda O‘zbekiston ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, 2020-yildan buyon Toshkent shahri IIBB boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.