TOShKENT, 1 mar – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan O‘zbekiston xalqini tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Qadrli vatandoshlar! Avvalo, siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar va butun xalqimizni ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lgan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Ushbu qutlug‘ ayyomda mana shunday munavvar oyni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz”, - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlar “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotganini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin.
Jumladan, ijtimoiy himoya tizimi samarasini yuksaltirish, bemorlar, nogironligi bo‘lgan, keksa va yordamga muhtoj insonlarni, yoshlar va xotin-qizlarni, chet ellardagi fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, farzandlarning ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar tobora kengayib bormoqda.
“Bu borada boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish, yurtimizdagi tinch va farovon hayotni, millatlar va dinlararo hamjihatlik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu qutlug‘ oyda jahonning turli mintaqalaridagi urush-janjallar, nizo va adovatlar barham topib, butun dunyoda tinchlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamkorlik barqaror bo‘lishini chin dildan so‘rab, duolar qilamiz”, - degan prezident tabrik so‘zida.
Mirziyoyev yer yuzidagi barcha mo‘min-musulmonlarni, do‘st va hamkorlarni Ramazon oyining boshlanishi bilan samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilagan.