TOShKENT, 25 fev — Sputnik. Behzod Hamrayev Statistika agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Behzod Saylixonovich Hamrayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi”, — deyiladi xabarda.
Behzod Hamrayev 1983-yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Yaponiyaning siyosiy fanlar Milliy institutini tamomlagan. Mutaxassisligi: statistika, ekonometrika.
Hamrayev Markaziy bank raisi o‘rinbosari lavozimida 2020-yildan buyon ishlab kelgan. Ish faoliyati davomida Jamoatchilik bilan aloqalar va kommunikatsion siyosat departamenti, Pul-kredit siyosati departamenti, Statistika va tadqiqotlar departamenti, Monetar operatsiyalar departamenti, Moliyaviy barqarorlik departamenti Ichki audit va komplayens departamenti faoliyatiga rahbarlikni amalga oshirgan.