TOShKENT, 14 fev — Sputnik. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga Rossiya go‘yoki Ukraina atom energetika obyektlariga zarbalar berayotgani haqidagi da’volar Kiyevning navbatdagi provokatsiyasi ekanligini aytdi.
"Hech qanday yadroviy infratuzilma obyektlariga, atom energetikasi infratuzilmasiga zarbalar berilgani haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun ham shunday bo‘lganligi haqidagi har qanday da’volar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi", - dedi u.
Ukraina Qurolli kuchlari Chernobil AESdagi provokatsiya bilan Rossiya va AQSh o‘rtasidagi muzokaralarni buzishga urinmoqda. Kreml vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu Ukraina rasmiylarining navbatdagi provokatsiyasi va manipulyatsiyasi.
“Kiyev rejimi aynan shunday ishlarni yaxshi ko‘radi va ba’zida ikkilanmasdan ham qiladi”, - deya qo‘shimcha qildi Peskov.
MAGATE rasmiylarining ma’lum qilishicha, o‘tgan tunda, taxminan soat 01:50 da Chernobil AESning to‘rtinchi energiya bloki qoldiqlari ustiga o‘rnatilgan himoya gumbazi ustida portlash ovozini eshitgan, keyin esa yong‘in boshlangan. Keyin ma’lum bo‘lishicha u yerga dron qulab tushgan.
Agentlikning qayd etishicha, o‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga bir necha daqiqada yetib borgan. Gumbaz himoya qobig‘ida shikastlanish belgilari aniqlanmagan. Radiatsiya darajasi meyorida qolmoqda, dedi MAGATE.
Bugun ertalab ijtimoiy tarmoqlarda Chernobil AES sarkofagiga dron hujumi aks etgan video paydo bo‘ldi. Kiyev rejimi bunda Rossiyani ayblashga urindi, ammo hech qanday dalil keltirmadi. Rossiya rasmiylari buni Kiyevning Munxen konferensiyasi oldidan uyushtirgan provokatsiyasi deb atagan.