TOShKENT, 8 fev — Sputnik. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida mamlakat rivojlanishining ustuvor yondashuvlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish;
aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish;
tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash;
o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash, ko‘paytirish va keyingi avlodga yetkazish hamda biologik xilma-xillikni saqlash;
“yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy qilish, iqtisodiyotni iqlim o‘zgarishiga moslashtirishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish;
respublika energobalansida qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida yirik “yashil energiya” stansiyalarini barpo etish, hududlarda kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish, aholi xonadonlarida quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish.
Farmonga muvofiq, 2025-yilda mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish borasida quyidagilar ta’minlanadi:
aholi uchun barpo etilayotgan piyodalar va alohida velosiped yo‘laklari bo‘yida daraxtlar va o‘simliklarni ekish orqali “Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘i yaratilishi, sohil va daryo bo‘ylarida 80 ta infratuzilma obyekti va 110 kilometrdan ortiq sog‘lomlashtirish yo‘laklari qurilishi;
“Yashil makon” umummilliy loyihasi va “Mening bog‘im” loyihasi doirasida 200 million tup daraxt hamda butalar ekilishi, “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”da quyosh panellari yordamida quvvatlanuvchi yoritgichlardan foydalanilishi;
Orol dengizi tubida 100 ming gektar “yashil maydon” barpo etilishi va Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlar 2,1 million gektarga yetkazilishi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarining tanlangan hududlarida sho‘r va suvsizlikka chidamli o‘simliklar (galofit) bog‘lari tashkil etilishi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Surxondaryo, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida davlat “in-vitro” laboratoriyalari tashkil etilishi;
jamoatchilik, ekofaollar va biznes vakillarining tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash akseleratsiya tizimi joriy etilishi.
Farmonga ko‘ra, 2025-yilda aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish borasida quyidagilar amalga oshiriladi:
“Ekofaol fuqaro” hayot tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Bir million yashil oila” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yiladi.
2025/2026 o‘quv yilidan:
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi kabi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim tashkiloti etib belgilanadi;
respublikaning har bir tumanida (shahrida) bosqichma-bosqich inklyuziv ta’lim talablariga javob beradigan kamida bittadan umumta’lim maktabi faoliyati tashkil etiladi;
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 3,5 ming kambag‘al oilalar farzandlarini tayyorlab, oliy ta’lim tashkilotlariga belgilangan tartibda grant asosida qabul qilish ishlari tashkil etiladi;
2025 yil 1-martgacha to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishning inson salomatligiga foydasini targ‘ib qilishni kuchaytirish dasturi ishlab chiqiladi;
2025 yil 1-avgustgacha oziq-ovqat xavfsizligi sohasida xavf-xatarlarni aniqlash, baholash, boshqarish va monitoring qilish maqsadida idoralararo yaxlit Milliy axborot platformasi ishlab chiqiladi.