TOShKENT, 5 fev — Sputnik. “Samarqand noni” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deya xabar berdi Adliya vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligi geografik ko‘rsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.
“Samarqand viloyat adliya boshqarmasi va “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasining ko‘magi bilan joriy yilning 4-fevral kuni dunyoga mashhur “Samarqand noni” geografik ko‘rsatkich sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi”, — deyiladi xabarda.
Adliya vaziri Akbar Toshqulov Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevga “Samarqand noni” geografik ko‘rsatkich hujjatini topshirdi.
Samarkandskaya leposhka zaregistrirovana v kachestve geograficheskogo ukazaniya
© Ministerstvo yustitsii Respubliki Uzbekistan
Ma’lumot uchun, “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, tovarni muayan geografik obyekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich deb e’tirof etiladi. Unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili “G‘ijduvon shashlik” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan edi. Buxoro viloyatida birinchi bo‘lib davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ushbu geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma uning egasi, ya’ni G‘ijduvon tuman hokimligiga guvohnomada ko‘rsatilgan tovar turiga nisbatan foydalanish huquqini beradi.