TOShKENT, 4 fev— Sputnik. Rossiyaning 9 ta IT-kompaniyasidan iborat biznes missiyasi Toshkentga tashrif buyurib, O‘zbekistondagi potensial hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi savdo vakolatxonasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Biznes missiyasi davomida “Russoft” va O‘zbekiston IT-parki o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi”, — deyiladi xabarda.
Shartnoma Rossiya va O‘zbekiston IT-kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Uchrashuvlar davomida Rossiya Federatsiyasi kompaniyalari ham o‘z dasturiy mahsulotlarini taqdim etdi, o‘z tajribalari va boshqa bozorlarda amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli loyihalari bilan o‘rtoqlashdi.
Aytilishicha, o‘zbekistonlik hamkorlar xodimlarning ish faoliyatini monitoring qilish, muhandislik dasturlari va elektron tijorat sektori mahsulotlari sohasidagi yechimlarga alohida qiziqish bildirdi.
Ma’lumot uchun, "Russoft" - bu Rossiyadagi dasturiy ta’minot ishlab chiqish kompaniyalarining eng nufuzli jamiyati. U 85 000 nafardan ortiq yuqori malakali xodimlarga ega 375 ta IT-kompaniyani birlashtiradi va kompaniyalarga jahon bozoriga chiqish uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etadi.