Oltoy o‘lkasi va Sirdaryo viloyati ishbilarmonlari hamkorlik qiladi — tafsilotlar

Rossiya tomoni qayd etishicha, O‘zbekiston bugungi kunda Oltoy o‘lkasining eng muhim savdo sheriklari bo‘lgan davlatlar orasida birinchi o‘rinda turadi.
Sputnik
TOShKENT, 4 fev — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya Oltoy o‘lkasining chorvachilik sohasida hamkorlikni mustahkamlaydi. Bu haqda O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarovning Oltoy o‘lkasiga ishchi safari jarayonida ma’lum qilindi, deb yozmoqda “Dunyo” AA.
Tashrif davomida Oltoy o‘lkasi hukumati raisi o‘rinbosari – gubernator va hukumat administratsiyasi rahbari Vitaliy Snesar bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda, shuningdek, madaniyat vaziri Yelena Bezrukova va Rossiya TIVning Barnauldagi vakolatxonasi rahbariyati ishtirok etdi.
Rossiya tomoni qayd etishicha, O‘zbekiston bugungi kunda Oltoy o‘lkasining eng muhim savdo sheriklari bo‘lgan davlatlar orasida birinchi o‘rinda turadi.
Hozirgi kunda Oltoyning qator yetakchi korxonalari O‘zbekistondan paxta, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, kimoviy tolalarni xarid qilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekistondan meva va sabzavotlar sotib olish bo‘yicha yetakchili qilmoqda.
Oltoyning yetakchi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari bilan qo‘shma korxonalar, jumladan, tayyor qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash klasterlarini tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Rossiya tomoni Sirdaryo viloyati va Oltoy o‘lkasi ishbilarmon doiralari vakillarining o‘zaro safarlarini tashkil etish amaliyotini davom ettirish muhimligini ta’kidladi. O‘zbekiston va Oltoy o‘lkasining chorvachilik sohasidagi salohiyatidan kelib chiqib, Rossiya vakillari bu masalani o‘zbekistonlik hamkasblari bilan batafsilroq muhokama qilish istagini bildirdi.
Tomonlar Oltoy o‘lkasidagi turli sanoat va qishloq xo‘jaligi korxonalarida o‘zbekistonliklar bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratishdi. Rossiya tomoni Oltoy o‘lkasining mehnat migratsiyasi sohasidagi tegishli tuzilmalari va O‘zbekiston Migratsiya agentligi o‘rtasida muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda Barnaul shahrining yirik bozorlarida, shuningdek, qurilish sohasida ko‘plab O‘zbekiston fuqarolari faoliyat yuritmoqda. Madaniyat vaziri Yelena Bezrukovaning qayd etishicha, Oltoy o‘lkasining "Ogonki" rus raqs ansambli bilan Xorazmning "Lazgi" ashula va raqs ansambli o‘rtasida yaqin ijodiy aloqalar o‘rnatilgan.
Rossiyaning Kurgan viloyatidagi zavod o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilmoqchi