TOShKENT, 3 fev — Sputnik. O‘zbekiston va Iordaniya hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Baxtiyor Saidov Iordaniya bosh vazir o‘rinbosari, tashqi ishlar va ekspatriatlar masalalari bo‘yicha vaziri Ayman Safadi bilan uchrashdi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga yangi dinamikani olib kirishga alohida e’tibor qaratildi.
“Shubhasiz, oldimizda birgalikda amalga oshirish uchun ulkan salohiyat mavjud. Iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, turizm oqimini oshirish, birodar shaharlar va xalqlar o‘rtasidagi rishtalarni rivojlantirish va turli sohalarda hamkorlikni jadallashtirish mavzulari bugungi kun tartibimizdan o‘rin oldi”, — deb yozadi vazir.
Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida ikkita muhim hujjat imzolandi:
Diplomatik pasport egalari uchun vizasiz kirish to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuv;
Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma hamkorlik dasturi.
Shuningdek, Saidov Iordaniya Oliy ta’lim vaziri Azmi Mahafza va mamlakatning yetakchi universitetlari rahbarlari bilan ham uchrashdi. Uchrashuv davomida qo‘shma dasturlar, talabalar almashinuvi, ilmiy konferensiyalar o‘tkazish va boshqa yo‘nalishlarda yaqin hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Iordaniyaga tashrif davomida Vaqf, Islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad Ahmad Msallam Al-Xalaila va Iordaniya investitsiyalar vaziri Xeyri Amr bilan ham uchrashdi.