TOShKENT, 2 fev — Sputnik. Vladimir Zelenskiy AP agentligiga bergan intervyusida Rossiya bilan muzokaralarni AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvdan keyin boshlashni rejalashtirayotganini aytdi, deb yozmoqda RIA Novosti.
"Tramp bilan gaplashganimizdan so‘ng rossiyaliklar bilan qandaydir muhokama formatiga o‘tishimiz kerak. Men AQSh, Ukraina va rossiyaliklarning muzokara stoliga o‘tirishini istardim", — dedi u.
Zelenskiyning qayd etishicha, Kiyev Oq uy bilan aloqada, biroq munozaralar hamon umumiy xarakterga ega. U Ukraina va AQSh vakillari o‘rtasida batafsil kelishuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha uchrashuvlar yaqin kelajakda bo‘lib o‘tishiga umid bildirdi.
Shu bilan birga, u AQShning Ukrainaga maxsus vakili Kit Kellogning tashrifi “huquqiy sabablarga ko‘ra” qoldirilganini ma’lum qildi. Zelenskiy, shuningdek, G‘arb davlatlari tomonidan Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborish g‘oyasini xavfsizlikning yetarli kafolati deb hisoblamasligini ta’kidladi.