TOShKENT, 2 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan 4-5 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Tashrif doirasida quyidagi tadbirlarni o‘tkazish ko‘zda tutilgan:
Kuala-Lumpurda bosh vazir Anvar Ibrohim bilan ikki tomonlama muzokaralar
Malayziyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar
qo‘shma biznes forumi va boshqa tadbirlarda.
“Bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston-Malayziya do‘stlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda amaliy hamkorlikni, shu jumladan, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, texnologik kooperatsiya, neft-kimyo, elektronika, "yashil" energetika, "aqlli" qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa ko‘plab ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga alohida e’tibor qaratiladi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, yetakchilar xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlarini ham ko‘rib chiqishadi.
“Sammit yakunida ikki davlat o‘rtasidagi keng ko‘lamli sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilgan Qo‘shma bayonot va salmoqli bitimlar to‘plami qabul qilinishi rejalashtirilgan”, — deya qayd etilgan xabarda.
Aytilishicha, tashrif arafasida Malayziyada bir qator muhim tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Yaqin kunlarda o‘tkaziladigan tadbirlar:
O‘zbekistonning turizm salohiyati va madaniy merosi taqdimotlari
ikki mamlakat yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi va boshqa tadbirlar.
Avvalroq yetakchi tahlil markazlari va tadqiqot tuzilmalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning may oyida O‘zbekiston-Malayziya sammiti bo‘lib o‘tgan. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazgan. Unda O‘zbekiston prezidenti va Malayziya bosh vaziri Ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotni imzolashgan.