TOShKENT, 2 fev — Sputnik. Rossiyaning Kurgan viloyatidagi zavod o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilishga tayyor, deb xabar qildi "Dunyo" AA.
O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulxonasi xodimlari Kurgan viloyati Mehnat bandligi departamentida viloyatning Ijtimoiy siyosat departamenti, Migratsiya boshqarmasi, Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash muassasasi kabi tashkilotlar rahbariyati va ish beruvchilar bilan uchrashdi.
Rossiya tomoniga O‘zbekistonda migratsiya sohasini tartibga solish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, xorijdagi vatandoshlar huquqlarini munosib himoya qilish, "Monomarkazlar" faoliyati haqida batafsil so‘zlab berildi.
“Safar davomida diplomatlar mehnat migratsiyasini jadallashtirish, potensial ish beruvchilarni aniqlash hamda fuqarolarimizni qonuniy asosda ishga joylashtirish maqsadida Kurgan viloyatidagi yirik ish beruvchilar –"Sintez" va "Kurganstalmost" zavodlarida bo‘lib, korxonalar rahbarlari bilan muzokara o‘tkazishdi”, — deyiladi xabarda.
Uchrashuvlarda mehnat migrantlarini jalb etish bo‘yicha tanlovlarni tashkil etish, tanlab olingan ishchilarning yashash va mehnat sharoitlari, ish faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beruvchi hujjat (patent)ni rasmiylashtirish va boshqa masalalar muhokama qilindi.
"Kurganstalmost" zavodi direktori Oleg Chernyak ayni paytda korxonada 200 ta bo‘sh ish o‘rini borligini va ularga O‘zbekiston fuqarolarini jalb qilishda tayyor ekanligini bildirdi.
Bosh konsulxona xodimlari tashrif davomida mazkur zavodda ishlayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashishdi.