Olmaotada O‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh vazirlari uchrashdi

Uchrashuv O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Olmaotaga tashrifi doirasida amalga oshirildi.
Sputnik
TOShKENT, 31 yanv — Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi – prezident administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyev bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda hukumat portalida xabar berildi.
Uchrashuv O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Olmaotaga tashrifi doirasida amalga oshirildi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani, muhim qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Davlatlar rahbarlari — Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov ikki mamlakat hukumatlari zimmasiga o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab bergan. Uchrashuvda mazkur vazifalarni amalga oshirishda yaqin hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlarni izchil ro‘yobga chiqarish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mirziyoyev va Japarov "Amirsoy" kurort majmuasida uchrashdi