TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) qimmatli qog‘ozlar bozoridagi faoliyatni uyg‘un tartibga solish uchun sharoit yaratmoqda, deya xabar berdi Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) matbuot xizmati.
YeIK hay’ati “Qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish sohasida qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar va ta’riflar nuqtayi nazaridan YeOIIga a’zo davlatlarning qonun hujjatlarini muvofiqlashtirish hamda qimmatli qog‘ozlar bozorida bozor vositachilari (brokerlari)ga qo‘yiladigan talablarni belgilash bo‘yicha kelishilgan takliflar to‘g‘risida”gi YeIK Kengashi tavsiyasi loyihasini ma’qulladi.
Tavsiya va kelishilgan takliflar YeOII to‘g‘risidagi shartnomaga, Yagona moliya bozorini shakllantirish konsepsiyasiga, Qonun hujjatlarini uyg‘unlashtirish to‘g‘risidagi bitim, Ittifoq davlatlarining moliya bozoridagi qonun hujjatlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga muvofiq ishlab chiqilgan.
Hujjat Ittifoq davlatlariga qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish va xalqaro shartnomalarni ishlab chiqishda qonunchilikning asosiy tushunchalari va ta’riflarini muvofiqlashtirish bo‘yicha kelishilgan takliflarni hisobga olish, qimmatli qog‘ozlar bozorida brokerlarga qo‘yiladigan talablarni belgilash bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.
YeIKning iqtisodiyot va moliya siyosati vaziri Baxit Sultanovning ta’kidlashicha, muvofiqlashtirish bo‘yicha kelishilgan takliflar YeOII davlatlarida amaldagi qonunchilikning qiyosiy huquqiy tahlili natijalari asosida tayyorlangan.
“Bu bozorimizda shaffoflik va o‘zaro ishonchni ta’minlaydigan yagona moliyaviy makon yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir, – dedi Sultanov.
Qonun hujjatlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha kelishilgan takliflar moliyaviy ko‘rsatkichlar, risklarni boshqarish tizimlari, ichki nazorat, brokerning tashkiliy tuzilmasi, mijozlar va tartibga soluvchi bilan o‘zaro munosabatlar, shuningdek, hisobot berish va ma’lumotlarni oshkor qilish nuqtayi nazaridan qimmatli qog‘ozlar bozorida brokerlarga qo‘yiladigan talablarni tartibga solish bo‘yicha tavsiya etilgan yondashuvlarni shakllantiradi.
Hay’at tomonidan tasdiqlangan qonun hujjatlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha tavsiyalar va kelishilgan takliflar Komissiya kengashiga ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun kiritiladi.