O‘zbekiston va YeOII

YeOII davlatlari hukumat rahbarlari Olmaotada uchrashadi

Uchrashuvda YeOIIga a’zo mamlakatlarda uyushgan savdoda qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va muomalaga transchegaraviy kirish to‘g‘risidagi bitimni imzolashadi.
Sputnik
TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlari bosh vazirlari 30-31 yanvar kunlari Olmaotada Yevroosiyo hukumatlararo kengashi sessiyasida uchrashadi, deya xabar berdi BelTA Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) matbuot xizmatiga tayanib.
Uchrashuvga Belarus hukumati rahbari Roman Golovchenko raislik qiladi.
YeOII mamlakatlari bosh vazirlari YeOIIga a’zo mamlakatlarda uyushgan savdoda qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va muomalaga transchegaraviy kirish to‘g‘risidagi bitimni imzolashadi. Yevroosiyo “beshligi” mamlakatlaridagi makroiqtisodiy vaziyat va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishadi.
YeOIIga a’zo davlatlar tomonidan Yevroosiyo transport yo‘laklariga (marshrutlariga) kiruvchi temir yo‘l, avtomobil va port infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish natijalarini tahlil qilish, shuningdek, bir qator boshqa masalalarni muhokama qilish ham rejalashtirilgan.
YeOII

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) - 2015-yil 1-yanvardan faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro iqtisodiy birlashma. Ittifoqqa hozir Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zodir. O‘zbekiston 2020-yilda YeOIIda kuzatuvchi maqomini oldi. Moldova, Kuba, Eron ham kuzatuvchi maqomiga ega.