TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. Rossiyaning Primorsk o‘lkasi delegatsiyasi malakali mutaxassislarni ishga jalb etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish maqsadida O‘zbekistonga keladi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ko‘magida Tashqi ishlar vazirligi, Migratsiya agentligi vakillari va Primorsk o‘lkasi hukumati mutasaddilari o‘rtasida onlayn muzokaralar o‘tkazildi.
Tomonlar O‘zbekiston fuqarolarini qonuniy asosda Rossiyaning Primorsk o‘lkasiga ishga jalb qilish masalalari yuzasidan fikr almashishdi.
“Shu yil fevral oyida Primorsk o‘lkasi delegatsiyasining O‘zbekistonga navbatdagi tashrifini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Safar davomida Buxoro, Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridan malakali ishchilarni Primorsk o‘lkasiga ishga jalb etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, Primorsk o‘lkasidagi ish beruvchilar tomonidan O‘zbekiston fuqarolari uchun barcha sharoitlar yaratib beriladi.
Bundan tashqari, ishga jalb qilinadigan fuqarolarning Rossiyada mehnat faoliyatini olib borishi uchun ruxsatnoma (patent)ni rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirish maqsadida tibbiy ko‘rikdan o‘tish va yuqumli kasalliklar mavjud emasligi haqidagi ma’lumotnomalarni rasmiylashtirishni O‘zbekistonda o‘tkazish ko‘rib chiqilmoqda.