“Toza qo‘llar” dasturi: O‘zbekistondagi barcha sanitariya-gigiyena xonalari yaxshilanadi

Loyiha: 1-mayidan boshlab “Toza qo‘llar” dasturi amalga oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda “Toza qo‘llar” dasturi amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, shu yilning 1-mayidan boshlab Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan “Toza qo‘llar” dasturi amalga oshiriladi. Bu haqda “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida O‘zbekiston prezidenti farmoni loyihasida qayd etilgan.
Bundan ko‘zlangan maqsad — aholi, ayniqsa, yosh avlod vakillari tomonidan sanitariya-gigiyena vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish.
Dastur joriy etilishi tufayli quyidagi natijalarga erishiladi:
jamoatchilik fikri asosida barcha sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarida qo‘l yuvish joylari zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlanadi;
sanitariya-gigiyena xonalarining texnik holati yaxshilanadi;
sanitariya-gigiyena xonalari yangi qurilayotgan muassasalarda binoning ichki qismida joylashtiriladi;
barcha turdagi jamoat sanitariya-gigiyena xonalari, shu jumladan, umumiy ovqatlanish tashkilotlarini sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlash bilan bog‘liq dastur qabul qilinadi;
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va BMTning xalqaro ekspertlari jalb etilgan holda respublikaning barcha ijtimoiy soha muassasalarida “2025–2028-yillarda O‘zbekistonda sanitariya-gigiyena tizimini yaxshilash” dasturi loyihasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;
asosiysi, mamlakatning sanitariya-epidemiologiya holati va aholi salomatligi yaxshilanadi.
“Dastur sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarida sanitariya-gigiyena xonalarining texnik holatini yaxshilashga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
Prezident farmoni loyihasi “O‘zbekiston-2030” xalq strategiyasi onlayn portalida keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Muhokama 2025-yil 22-yanvarga qadar davom etadi.