TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda temir yo‘l chiptalari narxi oshiriladi. Bu haqda "O‘zbekiston temir yo‘llari" matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJda yo‘lovchi tashish sohasida bozor tamoyillariga asoslangan narxlar shakillantirildi.
“2025 yil 1-fevral sanasidan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoyezdlarning VIP, Biznes toifadagi chipta narxlari 25% ga, Ekonom toifadagi chipta narxlari 20% ga hamda tez yurar yo‘lovchi poyezdlar "Sharq", "Nasaf" va "O‘zbekiston" poyezdlarning chipta narxlari 30% ga oshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
"Afrosiyob" elektropoyezdlarning chipta narxlari
Yo‘nalish | Chipta turi | Chipta turi | Chipta turi |
Toshkent - Buxoro | VIP 994 000 so‘m | Biznes 751 000 so‘m | Ekonom 484 000 so‘m |
Toshkent - Qarshi | VIP 854 000 so‘m | Biznes 634 000 so‘m | Ekonom 406 000 so‘m |
Toshkent - Samarqand | VIP 619 000 so‘m | Biznes 450 000 so‘m | Ekonom 294 000 so‘m |
Aytilishicha, narxlar elektr energiyasi, yoqilg‘i va transport xarajatlarini qoplash, shuningdek yangi yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish va yo‘lovchi vagonlari parkini yangilash, temir yo‘l vokzallari faoliyatini yangicha zamonaviy talablariga muvofiq olib borish va yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 1-yanvardan boshlab yuqori tezlikdagi va tezurar yo‘nalishdagi poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechish, shuningdek, ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o‘tilgan.