O‘zbekiston va Rossiya soliq sohasida hamkorlikni kuchaytiradi — tafsilotlar

Rossiya Federal soliq xizmati rahbari: o‘zbekistonlik hamkasblardan o‘rganish kerak bo‘lgan narsalar bor.
Sputnik
TOShKENT, 24 dek — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya soliq ma’muriyatchiligi sohasida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi, deya xabar berdi Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.
“O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi va Rossiya Federal Soliq xizmati rahbarlari soliq metodologiyasi va soliq ma’muriyatchiligi bo‘yicha o‘quv dasturlarini o‘tkazishda texnik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitimni imzolashdi”, — deyiladi xabarda.
Rossiya Federal soliq xizmati rahbari Daniil Yegorovning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklardan o‘rganish kerak bo‘lgan narsalar bor.

“Biz o‘zbekistonlik hamkasblarimizdan o‘rganishimiz kerak bo‘lgan narsalar bor. Men bu yil u yerda bo‘ldim va ular nimalar qilganini ko‘rdim. Hamkorligimizda o‘qitish bo‘yicha aloqalarga ko‘proq ahamiyat berish kerak, deb hisoblayman. Biz bir-birimizga yaxshiroq va samaraliroq bo‘lishga yordam berishimiz kerak”, — dedi Daniil Yegorov.

Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev Rossiya tomoniga keng qamrovli hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.
“Sizning jamoangizga qilgan ishlari uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ishonchim komilki, bugun imzolangan hujjatlar mamlakatlarimiz va xizmatlarimiz manfaati uchun xizmat qiladi. Bunday hamkorlik davlatlarimizning soliq organlari salohiyatini oshiradi”, — deya qayd etdi Kudbiyev.
Shuningdek, mahsulotlarni raqamli markirovkalash bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilinib, kelgusi yil uchun asosiy yo‘nalishlar belgilab olindi.
“Yig‘ilish ishtirokchilari markirovkalangan mahsulotlar muomalasi bilan shug‘ullanuvchi soliq to‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish muhimligini ta’kidladilar. Mahsulotlarni kuzatish tizimini takomillashtirish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda, bu esa bozor shaffofligi va nazorat samaradorligini oshiradi”, — deya aniqlik kiritildi xabarda.
Soliq qo‘mitasi delegatsiyasi Robototexnika markaziga tashrif buyurib, u yerda logistika operatsiyalarini optimallashtirish va xarajatlarni minimallashtirishga yordam beruvchi ombor jarayonlarini avtomatlashtirishning ilg‘or texnologiyalari bilan tanishdi.