Migrant bolalarning rus tilini bilish darajasini sinovdan o‘tkazish sanasi ma’lum bo‘ldi

Kelasi yildan boshlab migrant bolalar va talabalarning til bilish darajasi sinovdan o‘tkaziladi.
Sputnik
TOShKENT, 24 dek — Sputnik. 2025-yilning 1-aprelidan boshlab Rossiyadagi maktablarga o‘qishga kirish uchun migrant bolalarning rus tilini bilish testi boshlanadi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Chernishenko RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Rosobrnadzor hozirda uslubiy materiallar, test tizimlari va baholash mezonlarini tayyorlashni yakunlamoqda, chunki biz turli sinflar turli darajadagi testlarni talab qilishini tushunamiz. Kelgusi yilning birinchi aprelidan boshlab mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalarida bunday ishlar tizimli ravishda yo‘lga qo‘yiladi”, — dedi hukumat raisi o‘rinbosari.
Uning aniqlik kiritishicha, har yili 155 mingga yaqin migrant bola rus maktablariga boradi.
Rus tilini bilmaydigan migrant bolalar maktablarga qabul qilinmaydi — Volodin
Davlat Dumasi avvalroq rus tilini bilmaydigan migrantlarning farzandlarini rus maktablariga kiritishni taqiqlovchi qonun loyihasini qabul qilgan edi. Endi ular tilni bilish darajasini ko‘rsatadigan test sinovidan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Ta’lim vazirligining aniqlik kiritishicha, bolalarni tekshirish davlat yoki shahar tashkilotida bepul amalga oshiriladi.
Shuningdek, Rossiya oliy o‘quv yurtlarida o‘qish istagida bo‘lgan chet ellik talabalar kelasi yildan boshlab rus tilidan imtihon topshirishlari kerak bo‘ladi, tegishli buyruq allaqachon Ta’lim va fan vazirligi rahbari Valeriy Falkov tomonidan imzolangan.
“Ta’lim vaziri tomonidan imzolangan buyruqqa muvofiq, kelasi yilning 1-aprelidan boshlab Rossiya oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kiruvchi barcha chet elliklar uchun rus tilidan majburiy imtihon o‘tkaziladi”, — dedi hukumat raisi o‘rinbosari.
Uning ta’kidlashicha, bu ish tizimli ravishda olib borilmoqda, chunki avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2030-yilgacha mamlakat oliy o‘quv yurtlarida kamida 500 ming xorij fuqarosini o‘qitish bo‘yicha topshiriq bergan. Ta’lim va fan vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda mamlakat oliy o‘quv yurtlarida 380 ming nafar xorijlik talaba tahsil olmoqda.
MDH rahbarlari bilan rus tilida gaplashamiz — Aliyev rus tili haqida qanday fikr bildirdi?