TOShKENT, 23 dek — Sputnik. Qozog‘istonning Aqtau shahrida “Made in Uzbekistan” yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda, deya xabar berdi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.
Tadbir mamlakatning eksport salohiyatini namoyish etish, aholini arzon va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston tadbirkorlari o‘rtasida yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishga yordam berish maqsadida ko‘magida tashkil etildi.
“To‘rt kun davomida yarmarkada Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Samarqand, Andijon, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridan 50 dan ortiq korxona mahsulotlari namoyish etiladi”, — deyiladi xabarda.
Tashrif buyuruvchilar oziq-ovqat, to‘qimachilik, xunarmandchilik, charm, elektrotexnika va qurilish sanoatining yuqori sifatli mahsulotlarini harid qilish imkoniga ega.
Qayd etilishicha, “Made in Uzbekistan” yarmarkasi milliy mahsulotlarni ommalashtirish, raqobatbardoshligini namoyish etish, Qozog‘istonlik hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yarmarka 25-dekabrga qadar davom etadi.