O‘zbekistonda xususiy tibbiyot muassasalari soni 9 mingtadan ortdi

Tibbiyotning nodavlat sektorida ixtisoslik turlari 50 tadan 225 taga oshdi.
Sputnik
TOShKENT, 22 dek — Sputnik. O‘zbekistonda xususiy tibbiyot muassasalari soni 9 mingtadan ortdi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Aytilishicha, 2017-yilda xususiy shifoxonalar soni qariyb 3,5 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni 9 mingdan ortdi.
“Tibbiyotning nodavlat sektorida ixtisoslik turlari 50 tadan 225 taga oshdi. Shuningdek, xususiy shifoxonalarning tibbiyot ixtisosliklari bo‘yicha litsenziya olishiga imkon yaratildi. 3 700 dan ko‘proq mavjud nodavlat klinikalar yangi tibbiy ixtisoslik hisobiga o‘z faoliyatlarini kengaytirdi”, — deyiladi xabarda.
Ayni paytda respublikadagi barcha tibbiyot muassasalarida tashkil etilgan o‘rin-joylarning 35 foizi xususiy sektor ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Ya’ni so‘nggi yillarda nodavlat tibbiyot klinikalarida statsionar shifo o‘rinlari soni sezilarli darajada ortib, 2024-yilda 42 750 taga yaqinlashdi.
Shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalarining barchasida ambulator, 1530 tadan ortig‘ida statsionar xizmatlari tashkil etilib, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlari 726 tadan 2 251 taga oshdi.
“Albatta, bunday ijobiy o‘zgarishlar tufayli bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida nodavlat tibbiyotning ulushi 30 foizga yetdi. Jumladan, laboratoriya xizmatlarining 40 foizi, oftalmologiya va operativ oftalmologiyaning 60 foizi, LOR va endoskopik LORning 70 foizi va stomatologik tashxis hamda muolajalarning 91 foizi aynan xususiy klinikalar tomonidan ko‘rsatilyapti”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Ta’kidlanishicha, yaqin kelajakda mazkur yo‘nalishda yangi nodavlat tibbiyot muassasalarini tashkil etishda xalqaro standartlar joriy etiladi. Xususiy sektorda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, “xavfsiz tibbiyot” prinsipi amaliyotga tatbiq qilinadi. Shuningdek, tibbiy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini ishonchli himoya qilish hamda sohada sifat ko‘rsatkichlarini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.