TOShKENT, 21 dek — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) shtab-kvartirasida YeIK bojxona hamkorligi vaziri Ruslan Davidov va Xitoyning Rossiyadagi elchixonasi bojxona maslahatchisi Chjou Veni o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda YeIK matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, raqamli bojxonani rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qildi. Intellektual bojxonaga, navigatsiya muhrlaridan foydalanishga va "yagona darcha" mexanizmiga alohida e’tibor qaratildi.
YeOII va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik doirasida ilg‘or jahon tajribasi va uzluksiz tranzitni hisobga olgan holda bojxona infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollari alohida muhokama qilindi. Savdoda statistik ma’lumotlardagi tafovutlarning sabablarini aniqlash va minimallashtirishning mumkin bo‘lgan yondashuvlari ko‘rib chiqildi.
“Xitoy YeOII davlatlarining eng muhim savdo hamkori hisoblanadi. Ittifoq va Xitoy o‘rtasida konstruktiv o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi uchun ustuvor ahamiyatga ega”, - dedi Ruslan Davidov.
Uchrashuv ishtirokchilari o‘zaro tajriba almashishni kengaytirish, YeIK, YeOIIga a’zo davlatlar bojxona xizmatlari va Xitoy bojxona bosh boshqarmasi vakillari ishtirokida qo‘shma o‘quv tadbirlari va seminarlar o‘tkazish istagini tasdiqladilar.
Tomonlar 2025-yilning birinchi choragida YeOII va Xitoy o‘rtasida bojxona hamkorligi va savdo tartib-qoidalarini yengillashtirish bo‘yicha quyi qo‘mita yig‘ilishini o‘tkazish, shuningdek, boshqa formatlarda aloqalarni rivojlantirish ustida ishlashga kelishib oldilar.
2024 yilda YeOII mamlakatlari hududiga tovar yetkazib berishda Xitoyning ulushi 45 foizni tashkil etdi.