TOShKENT, 18 dek — Sputnik. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev VGTRK va RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida 2025-yilda Rossiyaga tinchlik, Rossiya yetakchisi Vladimir Putin jamoasiga esa qat’iyat tiladi.
“Aqlga keladigan birinchi narsa bu tinchlik. Urush 2025-yilda tugasin, odamlar uylariga qaytib, tinch-totuv yashashlari, bir-birlarini tushunishni o‘rganishsin. Albatta, Rossiyaga qarshi sanksiyalar siyosatini inobatga olgan holda men rahbariyatga o‘z qobiliyatlariga ishonch, prezident jamoasiga sanksiyalar siyosatining salbiy oqibatlarini minimallashtirish uchun hamma narsani qilishda qat’iylik tilayman. Chunki bu oqibatlarsiz o‘tib ketmasligi aniq. Har qanday jamiyat qiyin davrda mustahkamlanadi. Biz bu konsolidatsiyani Rossiyada ko‘rmoqdamiz. Xuddi shunday davom etishni tilab qolaman”, — dedi Aliyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon va Rossiyani milliy ildizlar va an’anaviy qadriyatlarga sodiqligi ham birlashtiradi.
“Bugungi kunda ba’zi hududlarda bu juda kam uchraydigan holat – yo tashqi nazorat, yoki to‘liq ma’naviy tanazzul yoki har ikkalasi. Ya’ni, bu bizni yaxshi ajratib turadi. Dunyoda biz ko‘rayotgan tendensiyalar, jumladan (AQSh saylovlarida g‘alaba qozongan Donald) Trampning prezident etib saylanishi - an’anaviy qadriyatlarga kelsak, u biz bilan, ular aytganidek, bitta qayiqda bo‘lgan omillardan biri. O‘ylaymanki, biz Parij Olimpiadasi ochilishida ko‘rgan insoniyatga zarar yetkazuvchi tendensiyani, buzuqlikni, ko‘zbo‘yamachilikni ortga qaytara olamiz. Buni yetakchilar va yetakchilarga ishongan jamiyat amalga oshiradi. Biz buni qilamiz. Aks holda biz ozchilikda qolamiz va biz esa ozchilikda qola olmaymiz”, — dedi Ozarbayjon yetakchisi.