O‘zbekistonda ikkita rus tili kabinetlari jihozlanadi

“Xorijdagi eng yaxshi rus maktabi” maxsus nominatsiyasida Farg‘ona viloyatidagi ikkita maktab jamoasi g‘olib bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 18 dek — Sputnik. Farg‘ona viloyatidagi ikkita maktab rus tili kabinetlarini jihozlash sertifikatlarini qo‘lga kiritdi. Bu haqda "Yevroosiyo" (“Yevraziya”) avtonom notijorat tashkiloti (ANT) ma’lum qildi.
Tashkilot Moskvada bo‘lib o‘tgan “Xorijdagi eng yaxshi rus maktabi” IV xalqaro tanlovi g‘oliblarini e’lon qildi. “Xorijdagi eng yaxshi rus maktabi” maxsus nominatsiyasida Farg‘ona viloyatidagi ikkita maktab jamoasi g‘olib bo‘ldi:
Quva tumanidagi 48-umumta’lim maktabi;
Yozyovon shahridagi 40-umumta’lim maktabi.
Bundan tashqari, qirg‘izistonlik rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi Olga De maxsus nominatsiya bo‘yicha “Xorijdagi eng yaxshi rus tili o‘qituvchisi” xalqaro tanlovi g‘olibi bo‘ldi.

“Rus tili bizning Yevroosiyo madaniy makonini birlashtiruvchi va saqlaydigan muhim bo‘g‘indir. U xalqlarimizning umumiy kelajagi uchun poydevor bo‘lib, tinchlikparvarlik missiyasini o‘z zimmasiga oladi. Aynan rus tili tufayli turli millatlar, madaniy an’analar va diniy qarashlarga mansub odamlar erkin muloqot qilish, bir-birini tushunish va hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘lishmoqda”,— dedi Rossiya Davlat dumasi deputati va “Yevroosiyo” ANT kengashi raisi Alona Arshinova.

Taqdirlash marosimi Moskvada bo‘lib o‘tdi. Musobaqada jami 49 ta davlatdan 1500 nafardan ortiq o‘qituvchi va 286 ta maktab jamoasi ishtirok etdi. Uch bosqichda hakamlar hay’ati ishtirokchilarning uslubiy rejalari va ijodiy ishlanmalarini, murakkab pedagogik masalalarni yechishdagi mahoratini baholadi.
Ma’lumot uchun, "Yevroosiyo" (“Yevraziya”) avtonom notijorat tashkiloti millatlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan gumanitar loyihalarni amalga oshiradi. Uning maqsadi xalqlarning milliy o‘ziga xosligini saqlab qolgan holda postsovet hududida integratsiya jarayonlarini kuchaytirishdan iborat.
Tashkilotning asosiy yo‘nalishlaridan biri maktab o‘quvchilari, talabalar va yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashdir. Loyihalar orasida ta’lim dasturlari, almashinuvlar, yirik davlat va xususiy yuqori texnologiyali kompaniyalarda stajirovka o‘tash, media-maktab mavjud.
"Yevroosiyo" loyihasi, shuningdek, maktab va universitet o‘qituvchilari uchun professional platformalar va forumlar, jurnalistlar va blogerlar uchun grantlar, mahsulotlarni sotish va tadbirkorlar uchun hamkorlar topish bo‘yicha biznes missiyalar, tarix va madaniyatni saqlash sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.