Faxriddin Pattoxov 1964-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1991-yilda Mannon Uyg‘ur nomidagi Davlat san’at institutining "Dastgohli rangtasvir" yo‘nalishini (Nig‘mat Qo‘ziboyev ustaxonasi) tamomlagan. 1994-yildan buyon O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi hisoblanadi.
Rassom asarlari ona yurtga bo‘lgan chuqur muhabbatning aksidir. U portret, naturmort va turmush mavzularida ijod qilib, ayniqsa, O‘zbekistonning go‘zal manzaralarini akvarel va ravon ranglar uyg‘unligida tasvirlaydi. Uning asarlari nafis kompozitsiya va betakror uslubi bilan ajralib turadi.
Shaxsiy ko‘rgazma rassomning 60-yillik yubileyi munosabati bilan tashkil qilingan. Ekspozitsiyada uning ijod yo‘lidagi ilk ishlaridan tortib, so‘nggi asarlarigacha bo‘lgan 140 tadan ortiq rangtasvir va grafik asarlari namoyish etilmoqda.
Faxriddin Pattoxov uzoq yillar davomida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib, P.P.Benkov nomidagi Respublikaning ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi va K.Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida dars berib kelmoqda.
Uning asarlari O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi, O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi hamda Toshkentdagi Westminster xalqaro universiteti kolleksiyalarida saqlanadi.
Ko‘rgazma 2024-yil 22-dekabrga qadar davom etadi.