TOShKENT, 17 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali suhbatlashdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, suhbatda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish va investitsiya loyihalarini ilgari surish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
Davlat rahbari Qatar amirini milliy bayram - Davlatga asos solingan kun bilan samimiy qutladi.
Ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
"Suhbat chog‘ida davlat rahbarlari 2025-yilda bo‘lajak tadbirlar rejasiga, shu jumladan "Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" muloqotining ikkinchi sammitini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratishdi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, shu yilning noyabr oyida Doha shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi va biznes forumi samarali o‘tdi. Oktabr oyida Toshkent shahrida Qatar madaniyati haftaligi tadbirlari muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Qatarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida energetika, transport va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Poytaxtlar o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani o‘zaro sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilmoqda.