O‘zbekiston va xitoylik ishbilarmonlar yangi kelishuvlar imzolashdi

Farg‘ona viloyati hokimligi boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Xitoyga bordi.
Sputnik
TOShKENT, 16 dek — Sputnik. O‘zbekiston va xitoylik ishbilarmonlar o‘rtasida 10 taga yaqin kelishuv imzolandi, deya xabar berdi Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati.
Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi hamkorligida Urumchi shahrida o‘tkazilgan “O‘zbekiston-Xitoy (ShUAR)” biznes-forumi o‘tkazildi.
Tadbir doirasida qator biznes muzokaralar olib borildi.

“Ikki tomon rasmiy hamda tadbirkorlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa yo‘nalishlarda 10 taga yaqin dastlabki kelishuvlar imzolandi”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, forumda rasmiy va 20 tadan ziyod biznes doira vakillari ishtirok etdi. Unda viloyatning iqtisodiy, investitsiya va eksport salohiyati taqdimot qilindi.