TOShKENT, 16 dek — Sputnik. Respublikadagi anorzor va tokzorlarni sovuqdan asrash tadbirlariga mingdan ortiq xodim jalb etildi, deya xabar berdi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xidmati.
Aytilishicha, sovuq haroratning salbiy ta’sirini kamaytirish va uni yumshatish choralarini ko‘rish qishloq xo‘jaligi tizimida muhim hisoblanadi.
“Mevali daraxtlarni, ayniqsa, sovuqqa chidamsiz anorzor va tokzorlarni sovuqdan asrash choralarini ko‘rish zarur. Zero bozorlarimizning to‘kin bo‘lishi, oziq-ovqat xavfsizligi va xalqimiz farovonligini ta’minlash aynan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sovuq urishidan asrashga bevosita bog‘liqdir”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, qish mavsumini talafotsiz va bezarar o‘tkazish maqsadida respublika bo‘ylab “O‘zagroinspeksiya”ning 1 ming 400 nafar xodimi tomonidan joylarda anorzor va tokzorlarni sovuqdan asrash tadbirlari alohida nazoratga olinib, barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
“Toshkent viloyati misolida e’tibor qaratsak, Piskent, Oqqo‘rg‘on va Qibray tumanlarida 100 foiz maydonlarda anorzorlarni ko‘mish ishlari bajarilgan. Shuningdek, tokzorlarni ko‘mish ishlari Parkent, Yuqorichirchiq, Bekobod tumanlarida 95-100 foizga bajarilgan bo‘lsa, Bo‘ka, Quyichirchiq va O‘rtachirchiq tumanlarida bu ko‘rsatkich 90-95 foizni tashkil etmoqda”, — deya aniqlik kiritilgan xabarda.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, sovuq urushining oldini olish maqsadida mevali bog‘ va uzumzorlarning qator oralaridan sug‘orish ariqlari olinib, iloji boricha kam miqdorda suv oqizish kerak.
Mevali bog‘ va uzumzorlar qator oralariga mahalliy o‘g‘it aralash xashak, poxol, shox-shabba uyumlarini to‘plab, ularni tutashish tavsiya etiladi.
Buning uchun mevali bog‘ va uzumzorlarga bir tekisda eni 1,25 - 1,5 m hamda balandligi 0,5 - 0,75 m dan to‘p-to‘p qilib uyib qo‘yish, havo ochiq bo‘lib, harorat +1S ga tushishi bilan uyumlarni tutashish maqsadga muvofiq.
Bunda uyumlarning alangalanmay, tutab yonishiga alohida ahamiyat berish lozim. Agar sovuq bo‘lmasa uyumlardan o‘g‘it sifatida foydalansa bo‘ladi.