TOShKENT, 15 dek — Sputnik. O‘zbekiston Eron tajribasi asosida urug‘lik kartoshka yetishtirishni rivojlantiradi, deya xabar berdi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmati.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori Ibrohim Ergashev boshchiligidagi delegatsiya Eron Islom Respublikasiga bordi. Tashrif davomida Eronning Savdoni rivojlantirish tashkilotida “O‘zbekiston-Eron” B2B formatida uchrashuv tashkil etildi.
Tomonlar ikki davlat ishbilarmon doiralarining istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlarini ko‘rib chiqishdi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti va importi shartlari muhokama etildi.
“Uchrashuvga Eronning kartoshkachilik assotsiatsiyalari vakillari taklif etilib, O‘zbekistonga import bo‘layotgan mahsulotni fitosanitar toza, davlatimiz talablariga javob beradigan hududlardan yuklashga kelishib olindi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, O‘zbekistonga import bo‘layotgan kartoshka narxini barqaror saqlash, zahiralarni shakllantirish, qish mavsumida mahsulot yetkazilishini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashrif davomida Eronning Urug‘lik, ko‘chatlarni sinash va sertifikatlash markazining faoliyati bilan ham tanishildi. Yirik ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyati bilan muloqotda O‘zbekistonda urug‘lik kartoshkani yetishtirishni rivojlantirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, Eron tomoni bu borada o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi. Shuningdek, mavjud samarali texnologiyani O‘zbekistonda joriy etishda ko‘maklashishga tayyor.
Ma’lumot uchun, shu yilning yanvar–iyun oylarida respublika bo‘yicha barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 1 704 ming tonna kartoshka yetishtirilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2023-yilning mos davriga nisbatan 2% ga o‘sgan.