TOShKENT, 12 dek — Sputnik. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Rossiyaning Primorsk o‘lkasi hukumati a’zolari bilan muzokara o‘tkazdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Uchrashuv O‘zbekiston prezidentining 2024-yil 17-oktabrdagi "Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.
Primorsk o‘lkasi qurilish vaziri Aleksandr Moskalev Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni yuksak baholadi. U O‘zbekistondan Primorsk o‘lkasiga kelib qurilish sohasida mehnat faoliyatini amalga oshirib kelayotgan migrantlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Primorsk o‘lkasi rasmiylariga ko‘ra, hozirgi vaqtda o‘lkadagi 28 ta qurilish korxonalari va temir yo‘l qurilishida 1273 ta bo‘sh ish o‘rinlari bor.
Primorsk o‘lkasi gubernatori o‘rinbosari Dmitriy Mariza bilan kechgan muloqotda gubernator Oleg Kojemakoning O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha ishlarning borishi xususida fikr almashildi.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston hududlari va Primorsk o‘lkasi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan hamkorlikni jadallashtirish masalalarini ham muhokama qildilar.