TOShKENT, 11 dek — Sputnik. O‘zbekistonda Yangi yil bayrami ikki hafta – 25-dekabrdan 7-yanvargacha davom etadi. Bu davrda respublikaning boshqa viloyatlaridan Toshkentda tahsil olish uchun kelgan ko‘plab talabalar o‘z uylariga jo‘nab ketishadi. Ularga qulaylik yaratish maqsadida mahalliy poyezdlar va samolyotlarga 50% chegirma e’lon qilindi.
"Uzbekistan Airways" o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun barcha ichki reyslarga chiptalar narxini arzonlashtirdi. Chegirma ekonom klass tariflariga taalluqli va 23-dekabrdan 7-yanvargacha bo‘lgan parvozlar uchun amal qiladi.
Masalan, Toshkent – Samarqand reysi uchun ekonom klassdagi chipta narxi 191 ming so‘mdan 367 ming so‘mgacha bo‘ladi. Shu bilan birga, aviakompaniyaning aniqlik kiritishicha, 50% gacha chegirma faqat yo‘lovchilar uchun yo‘l haqiga tegishli.
Soliqlar, yig‘imlar va qo‘shimcha to‘lovlar alohida to‘lanadi. Chiptalarni “Uzbekistan Airways Sales”ning Toshkentdagi savdo ofislarida yoki aviakompaniyaning rasmiy saytida xarid qilish mumkin.
Shuningdek, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ talabalar uchun poyezd chiptalariga 50% chegirma taqdim etadi.
Bunda imtiyozli davr uzoqroq davom etadi — 23-dekabrdan 10-yanvargacha. Chegirma SV/VIP toifali vagonlar va “Afrosiyob” tezurar poyezdidan tashqari barcha mahalliy poyezdlarga taalluqli.
Chiptalarning o‘rtacha narxi chegirmani hisobga olgan holda 120 ming so‘mdan boshlanadi. Chiptalarni kassa yoki kompaniyaning rasmiy veb-saytida xarid qilish mumkin.
Kassadan chipta sotib olayotganda pasport va talabalik guvohnomasini taqdim etish kerak bo‘ladi.