TOShKENT, 11 dek — Sputnik. O‘zbekistonliklar “suyunchi”, “to‘yona”, “rahmat” kabilarni faqatgina minnatdorlik, hurmat va qo‘llab-quvvatlash uchun ixtiyoriy tarzda beradi. Bu Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot davomida ma’lum bo‘ldi.
Jamoatchilik korrupsiya haqida xabar berishga qay darajada tayyor ekanini baholashga qaratilgan tadqiqot o‘tkazildi.
Ushbu tadqiqotda ikkita asosiy ilmiy yondashuvdan foydalanildi:
miqdoriy – aholining korrupsiya haqida xabar berishga bo‘lgan munosabati bo‘yicha kompyuterlashtirilgan telefon so‘rovi;
sifatli - maqsadli guruh muhokamalari.
“Miqdoriy ma’lumotlar O‘zbekistonning barcha hududlari aholisi orasida to‘plandi. Sifatli ma’lumotlarni yig‘ish uchun beshta asosiy hudud, jumladan, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahri belgilandi”, — deyiladi xabarda.
So‘rovnomaning miqdoriy qismi O‘zbekistonning barcha 14 hududini qamrab oldi va unda 503 nafar respondent ishtirok etdi.
So‘rovnomada qamrab olingan respublikaning barcha 14 ta hududi teng ravishda taqdim etilgan bo‘lib, respondentlar soni sezilarli darajada farq qilmaydi.
So‘rovlarda ko‘proq 25 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lganlar ishtirok etgan.
“Respondentlar korrupsiya keng tarqalgan sohalar sifatida sog‘liqni saqlash, ta’lim (ayniqsa, oliy ta’lim) va mahalliy hokimiyatni e’tirof etdilar. Korrupsiyadan jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi sohalar: yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (27,2% erkaklar, 18,4% ayollar), ichki ishlar organlari (26,8% erkaklar, 18,8% ayollar), avtomobil yo‘llari (21,6% erkaklar, 12,8% ayollar) va qurilish sohasi (23,6% erkaklar, 13,2% ayollar)”, — deyilgan tadqiqot natijalarida.
Qishloq aholisi shahar aholisiga qaraganda avtomobil yo‘llarini eng korrupsiyalashgan soha sifatida ko‘rsatgan - mos ravishda 22,2% va 12,8%.
Korrupsiya haqida xabar berishga tayyorlik erkaklarda (79,2%) ayollarga (70,4%) nisbatan biroz yuqoriroq.
So‘ralganlarning yarmi xabar berish oqibatlaridan qo‘rqishadi. 13,8% foizi esa, minnatdorchilik belgisi sifatida o‘zlari xohlab pul beradi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra:
Jamoatchilik ko‘pincha korrupsiyani poraxo‘rlik va qarindosh-urug‘chilik deb tushunadi.
50 foizdan ortiq respondentga ko‘ra, korrupsiya — bu mansabni suiiste’mol qilish va qarindosh-urug‘chilik, 40 foizdan kamrog‘i uchun esa qimmatbaho sovg‘alar berishdir.
Aksariyat kishilar sovg‘a berishni korrupsiya emas, balki minnatdorchilik deb biladi.
Pora olish (88,4 foiz) va pora berish (68,4 foiz) ko‘pchilik tomonidan qoralanadi, ammo yaxshi xizmat uchun kichik sovg‘alar odatiydek qabul qilinadi.
Respondentlarning 74,0 foizi korrupsiya holatlari haqida xabar berishga, jumladan, 82,2 foizi elektron platforma yoki mobil ilova orqali xabar berishga tayyor.
12 foiz respondent korrupsiya haqida xabar berishni salbiy holat deb hisoblaydi.
Xabar bermaslikning asosiy sabablari sifatida korrupsiyadan o‘zlari manfaatdorligi (19,8 foiz) va kimga murojaat qilishni bilmaslik (20,4 foiz) qayd etgan.
So‘ralganlarning yarmi xabar berish oqibatlaridan qo‘rqadi, 13,8 foizi esa minnatdorchilik belgisi sifatida o‘zi xohlab pul berishini ta’kidladi.
Respondentlarga ko‘ra, “suyunchi”, “to‘yona”, “rahmat” kabilar ham faqatgina minnatdorlik, hurmat va qo‘llab-quvvatlash uchun ixtiyoriy tarzda amalga oshiriladi.
64 foiz respondent korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralarga ishonadi.
Shahar aholisining ommaviy axborot vositalariga (qishloq aholisining 13,7 foiziga nisbatan 20,3 foiz) va blogerlarga (mos ravishda 17,3 va 14,1 foiz) ishonchi biroz yuqori.
Qishloq aholisi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ko‘proq ishonish ehtimoli mavjud (shahar aholisining 15 foiziga nisbatan 21,4%).
Ma’lumot uchun, korrupsiyaga duch kelganda agentlikning “koll-markazi” – 1253 yoki eanticor.uz platformasi orqali murojaat qilish mumkin.