TOShKENT, 11 dek — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) bilan erkin savdo shartnomasini tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi, deya xabar berdi Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) matbuot xizmati.
Tegishli qaror YeOII davlat rahbarlari tomonidan Bishkekda bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida qabul qilindi.
“Qo‘shma tadqiqot guruhining faoliyati shuni ko‘rsatdiki, BAA bilan erkin savdo zonasini shakllantirish sanoat sohasida ham, agrosanoat majmuasida ham 1300 tadan ortiq mahsulot yetkazib berish hajmini oshirish uchun sharoit yaratadi”, — dedi YeIK savdo vaziri Andrey Slepnyov.
Shu bilan birga, u komissiya bo‘lajak ishlarga tovarlar savdosining imtiyozli rejimini shakllantirishdan ko‘ra kengroq qarashini ta’kidladi.
Ko‘p qirrali o‘zaro hamkorlikning dolzarbligi Birlashgan Arab Amirliklarida Ittifoq mamlakatlarining ko‘plab kompaniyalari, shu jumladan innovatsion kompaniyalarning yuqori qiziqishi va mavjudligi, shuningdek, ushbu davlatning xalqaro savdo va transport-logistika markazi sifatidagi roli bilan tasdiqlanadi.
Bundan tashqari, BAA bilan kelishuvga Katta Yevroosiyo hamkorligi va Shimol-Janub yo‘lagi kontekstida butun Fors ko‘rfazi mamlakatlarida YeOII eksportorlarining mavqeyini mustahkamlash nuqtayi nazaridan qaraladi.
Andrey Slepnyovning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida tomonlar "fast track" rejimiga o‘tishni va birinchi raundni kelasi yilning mart oyida o‘tkazishni kutishmoqda.