TOShKENT, 10 dek — Sputnik. Korrupsiyaga duch kelganda qo‘rqmaslik kerak. U korrupsiya bo‘ladimi yoki korrupsiya ehtimoli bo‘ladimi, darhol chora ko‘ra oladigan shaxsga yoki idoraga murojaat qilish kerak. Bu haqda O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov O‘zAga ma’lum qildi.
“Qo‘rqmaslik kerak. U korrupsiya bo‘ladimi yoki korrupsiya ehtimoli bo‘ladimi, darhol chora ko‘ra oladigan shaxsga yoki idoraga murojaat qilish kerak. Agar bunga ishxonangizda duch kelgan bo‘lsangiz, kadrlar bo‘limiga yoki ichki xavfsizlik, komplayens nazorat xodimiga yoxud odob-axloq komissiyasiga murojaat qilish kerak”, — dedi Burxanov.
Uning qayd etishicha, agar ishdan tashqari duch kelinsa, unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 1253 raqamli koll-markaziga yoki prokuraturaga murojaat qilish mumkin.
Shuningdek, har bir vazirlik va idorada ham korrupsiyaga duch kelsa, murojaat qilsa bo‘ladigan telegram-botlar, koll-markazlar ham ishga tushirilgan.
Agentlik direktori korrupsiya haqida bilish kerak bo‘lgan eng muhim narsalar haqida ham gapirdi.
Uning aytishicha, odamlar korrupsiya haqida 4 ta narsani bilishi kerak:
Birinchisi – bu korrupsiyaning qanchalik jiddiy muammo, global illat ekanini, ya’ni uning xavflilik darajasini bilishlari lozim. Ya’ni, boshqa jinoyatlar, masalan, hattoki odam o‘ldirish jinoyati oqibati bir shaxs yoki bir oila uchun kulfat keltirsa, korrupsiya oqibatida butun jamiyat, davlatga putur yetishi mumkin. Korrupsiya hattoki bir necha yuz minglab odamlarning umriga zomin bo‘lishi ham mumkin.
Ikkinchisi – odamlarimiz korrupsiya o‘zi nima ekani, ya’ni korrupsiyaning shakllarini bilishi kerak. Bularning asosiylari qaysilar? Bu, eng avvalo, poraxo‘rlik, ya’ni pora olish va pora berish. Masalan, qaysidir ishni bitirib berish uchun yoki kamchiligi, xatosini yashirish uchun yoki bo‘lmasa, bizda eng ko‘p tarqalganlardan biri – bu ishga kirish uchun pora berish va pora olish hisoblanadi.
“Ya’na bir shakli – noqonuniy manfaat. Ya’ni, qandaydir manfaatga ega bo‘lish uchun xizmat vakolatidan foydalanish. Keyingisi – bu mablag‘larni talon-toroj qilish: bu budjet mablag‘larini, ya’ni xalq pulini o‘g‘irlash yoki shaxsiy manfaatlar uchun foydalanish”, — deya aniqlik kiritdi u.
Uchinchisi – korrupsiyaning oqibatini bilish kerak. Asosan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy oqibatini. Iqtisodiy oqibat – bu, tabiiyki, davlatning iqtisodiy o‘sishdan to‘xtashi, biznesning rivojlanmasligi, investitsiyaviy jozibadorlik yo‘qolishini keltirib chiqarishi mumkin. Ijtimoiy oqibat – bu fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchining kamayishiga olib keladi.
To‘rtinchisi – ushbu illatga qarshi kurashishda har bir inson o‘zining roli borligini his qilishi zarur. Ya’ni, bunda, har bir inson befarq bo‘lmasligi, huquqbuzarliklar haqida tegishli organlarga xabar berishi, halol insonlarni qo‘llab-quvvatlagan holda, ochiqlik va shaffoflik, hisobdorlikni oshirishga qaratilgan jarayonlarda faol ishtirok etishi kerak.
Uning qo‘shimcha qilishicha, jamoatchilik korrupsiyaga qarshi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashi uchun ularning sohadagi bilimlarini oshirish, axborotga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash zarur.
Ma’lumot uchun, 9 dekbr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni.