TOShKENT, 10 dek — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) internetdagi qaroqchilik asosidagi kontentlarga qarshi kurashishni kuchaytiradi, deya xabar berdi Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) matbuot xizmati.
Ittifoq internet tarmog‘ida intellektual mulk huquqlarining buzilishiga qarshi kurashish yondashuvlari to‘g‘risidagi bitim loyihasini ishlab chiqdi. YeIK Biznesni rivojlantirish departamenti direktori Yernar Bakenovning “Kontrafaktga qarshi – 2024” xalqaro forumida qayd etishicha, mazkur hujjat YeOII davlatlari bilan birgalikda tayyorlangan.
Uning tushuntirishicha, hujjatda noqonuniy kontentni blokirovka qilish, axborot resurslari egalari va axborot vositachilariga nisbatan javobgarlik choralari, shuningdek, bloklangan resurslar to‘g‘risida ma’lumot beruvchi qidiruv tizimlarini to‘xtatish ko‘zda tutilgan.
“Ishonchim komilki, bitimning amalga oshirilishi internetda qaroqchilik asosidagi kontentning tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘xshash chora-tadbirlardan foydalanishni ta’minlaydi, milliy mualliflik huquqi egalariga o‘z asarlarini huquqiy platformalarga xavfsiz joylashtirish va tegishli daromad olish imkoniyatini beradi”, — dedi Bakenov.
U o‘z so‘zida YeOIIda ijodkorlik sohalarini rivojlantirish, mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish muhimligini ham qayd etdi. YeOII to‘g‘risidagi shartnomada jamoaviy huquqlarni boshqarish tashkilotlari faoliyatini alohida xalqaro shartnoma bilan tartibga solish nazarda tutilganini ta’kidladi.