TOShKENT, 9 dek — Sputnik. O‘zbekiston Malayziya bilan davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish yo‘nalishida tajriba almashadi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya bosh vaziri huzuridagi Davlat xizmati departamenti bosh direktori o‘rinbosari Anisi bin Ibrohim bilan uchrashdi.
“Uchrashuvda respublika vakillari uchun davlat xizmatini takomillashtirish va inson resurslarini boshqarish mavzularida Kuala-Lumpurda qisqa muddatli malaka oshirish dasturlarini tashkil qilish va O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Malayziya Davlat xizmati departamenti o‘rtasida tegishli muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi”, — deyiladi xabarda.
Muloqot davomida davlat fuqarolik xizmati sohasini isloh qilish va rivojlantirish borasida ikki mamlakat vakolatli organlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama etildi.
Shuningdek, muvaffaqiyatli tajribalarni o‘rganish, o‘zaro tashriflar va qo‘shma ilmiy-amaliy tadbirlar uyushtirish masalalarida hamkorlik rejalari ham ko‘rib chiqildi.